Zarafshon milliy tabiat bog'i
Introducing
Zarafshon (qo‘riqxonasi) milliy tabiat bog‘i 1975 yilda tashkil etilgan. Tabiat bog‘i Samarqand viloyatining Jomboy va Bulung‘ur tumanlari hududida, Zarafshon daryosining o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab 47 km uzunlikda joylashgan.
Tabiat bog‘ining asosiy maqsadi alohida ekologik, madaniy va estetik qimmatga ega bo‘lgan tabiiy obyektlar va majmualarni, shu jumladan Zarafshon daryosi sohillaridagi relekt to‘qayzor o‘rmonlarini saqlab qolishdan iborat.
Zarafshon milliy tabiat bog‘ining umumiy yer maydoni 2 426,4 gektarni tashkil etadi. Shundan;
- Qo‘riqxonaga aylantirilgan hudud – 1 772 gektar,
- Rekreatsiya hududi – 352,4 gektar,
- Xo‘jalik va boshqa maqsadlarda foydalanish hududi – 302 gektarni tashkil qiladi.
Milliy tabiat bog‘i Zarafshon daryosining o‘rta qismida, Zarafshon chuqurligining sharqiy tomonida, Zarafshon va Turkiston tog‘lari orasida joylashgan. Zarafshon daryosining o‘ng qirg‘og‘ida past soxili va pastki, ustki allyuvial terrasalar joylashgan. Milliy bog‘ning xududi tekislikdan tashkil topib, balandligi 620-900 metrni tashkil etadi va daryo bo‘yiga egilib Zarafshon daryosining pastki oqimiga qarab joylashadi.
Florasi: Tabiat bog‘ining xududida 300 ga yaqin o‘simlik turlari o‘sadi.
Turangil, jiyda, chakanda, echkitol, majnuntol, tol, yulgun, kizil dulana, shirinmiya, namatak, zirk, kendir, qamish va boshqalar. Milliy tabiat bog‘ida 80 dan ziyod dorivor
va 23 tur texnik o‘simliklar o‘sishi aniqlangan, 73 tur zamburug‘lar, 33 tur suvo‘tlari shular jumlasidan.
Faunasi: Zarafshon milliy tabiat bog‘i xududida 26 tur sut emizuvchilar,
218 turdan ko‘prok kushlar, 10 tur sudralib yuruvchilar, 18 tur baliklar va 2 tur suvda va kuruklikda yashovchilar, 26 tur molyuskalar va hashorotlarning 88 turi tarkalishi mutaxassislar tomonidan kuzatilgan. Shuningdek, 2 tur suvemizuvchilar, 26 tur kushlar,
2 tur baliklar, 2 tur mollyuskalar va sudralib yuruvchilarning 1 turi O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi” ga kiritilgan.
Ekoturizm maskanlari: Zarafshon milliy tabiat bog‘ida 2018-2022 yillar davomida Zarafshon milliy tabiat bog‘i rekreatsiya hududida tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun 3 ta yo‘nalishda 1 km, 3 km va 5 kmlik ekomarshrutlar tashkil etildi. Mahalliy va xorijiy sayyohlarning otda sayr qilishini taʼminlash maqsadida 1 dona foytun tashkil qilingan.
Muzey qayta taʼmirlandi va eksponatlar bilan boyitildi hamda muzeyda Buxoro bug‘usi, to‘ng‘iz, Zarafshon qirg‘ovuli, jayra, ukki, kalxat, tuyaqush, maymun, yo‘rg‘a tuvaloq, tovus, boyo‘g‘li, katta ko‘l buqasi, tulki, ilon, baqa, turli hashorotlar kolleksiyasi va shu kabi bir qancha eksponatlar bilan boyitildi.
Milliy tabiat bog‘da kichik hayvonot bog‘i tashkil etildi hamda qirg‘ovullarni ko‘paytirish maqsadida 0.20 ga maydonga fazanariya va yirik qushlar uchun maxsus volyer tashkil etilgan.
Milliy tabiat bog‘i atrofiga yaqin mehmonxona. Milliy tabiat bog‘i viloyat markazi Samarqand shahridan 12-15 km, tuman markazidan 5 km masofada joylashgan Samarqand shaxrida ko‘plab zamonaviy mehmonxonalar mavjud.
Manzil: O‘zbekiston Respublikasi, Samarqand viloyati, Jomboy tumani, Zarafshon MFY Xashdala ko‘chasi
